Matbuot markazi
O‘zbekiston-Turkmaniston: hamkorlikning yangi bosqichi
25-äåêàáð, 2009, æóìà êóíè, Óòêàí éèëO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 13-14 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarini umumiy tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar bir-biriga bog‘lab turadi. O‘zbek va turkman azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib, to‘y-tomoshalarida mehmon bo‘lib keladi. Ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosi ham xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi. O‘zbekistonda Mahtumquli, Turkmanistonda Alisher Navoiy asarlari kirib bormagan xonadon yo‘q, desa bo‘ladi.
Mamlakatlarimiz mustaqillikka erishganidan keyin an’anaviy do‘stlik va hamkorlik aloqalari yangi zamon ruhida rivojlana boshladi. O‘zaro munosabatlarni rivojlantirishdan O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham birdek manfaatdor. Bu mushtarak manfaatdorlik oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazam tus olishiga asos bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti 2007 yilda Turkmanistonga, 2008 va 2009 yillarda Turkmaniston rahbari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu gal Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda uchrashdilar.
Turkmaniston Prezidentining saroyida 13 dekabr kuni davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkmaniston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining yakkama-yakka suhbati bo‘ldi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston rahbarining mazkur tashrifi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosidagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishi va uni yanada yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
