Matbuot markazi
AQSH ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifiga doir
15-äåêàáð, 2009, ñåøàíáà êóíè, Óòêàí éèëMamlakatimizda Jons Xopkins nomli universitet huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari instituti direktori professor Frederik Starr, Gudzon universiteti birinchi vitse-prezidenti Enders Uimbush va “Yunayted Press Interneshnl” agentligi xalqaro sharhlovchisi Jon
Deylidan iborat AQSH ekspertlari guruhi mehmon bo‘lib turibdi. Ular 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.
Jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida AQSH ekspertlari guruhining tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan tashabbuslardan kelib chiqqan holda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat va ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik muammolari va O‘zbekiston-AQSH munosabatlari istiqboli yuzasidan fikr almashishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Muhokama chog‘ida AQSH ekspertlari O‘zbekistonning Afg‘onistondagi mojaroni bartaraf etish, ushbu mamlakatda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tashabbuslari muhim va o‘z vaqtida bildirilgan taklif ekanini ta’kidladilar. O‘zbekistonning Afg‘oniston inqiroziga yondashuvi xalqaro maydonda tobora keng qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etildi.
Shu ma’noda, tarixiy tajriba va Afg‘onistonda qaror topgan vaziyatni inobatga olgan holda, afg‘on muammosini hal qilishning harbiy yechimi yo‘q ekani ta’kidlandi. Ekspertlar Afg‘onistonga maqsadli iqtisodiy yordam ko‘rsatish, qashshoqlik bilan bog‘liq o‘ta og‘ir muammolarni yechish va bandlikni ta’minlash, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmasini barpo etish va shakllantirishga ustuvor ahamiyat berilishiga e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonning BMT tomonidan muvofiqlashtiriladigan “6+3” muloqot guruhini (Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar, AQSH, Rossiya Federatsiyasi va NATO) tuzish borasidagi tashabbusi Afg‘onistonni tiklash jarayonini, bu mamlakatdagi o‘zaro nizolashayotgan barcha tomonlar o‘rtasida tinch siyosiy muloqotni tashkil etishning eng samarali mexanizmi ekanini ta’kidladilar. Bu tashabbus ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan NATO/SEAPning 2008 yilda Buxarestda o‘tgan sammitida bayon etilgan, keyinchalik turli mintaqaviy va xalqaro forumlarda faol muhokama qilingan edi.
F.Starr ta’kidlaganidek, O‘zbekiston 2001 yil 11 sentabr voqealaridan ancha oldin dunyo hamjamiyatini Afg‘onistondan chiqayotgan mintaqaviy xavfsizlikka tahdidga e’tibor qaratish hamda terrorizmga qarshi kurashish zarurligi haqida bir necha bor ogohlantirgan edi. Uning fikricha, “6+3” muloqot guruhini tuzish g‘oyasi Markaziy Osiyodagi mamlakat – O‘zbekistondan chiqqani, tashqaridan tiqishtirilmagani muhimdir”. Amerikalik ekspert yana shuni alohida ta’kidladiki, “mintaqa mamlakatlari orasida aynan O‘zbekistonda afg‘on muammosi eng to‘g‘ri va teran anglab yetilgan”.
