Matbuot markazi
Milliy qadriyatlarimizning xalqaro e’tirofi
26-îêòÿáð, 2009, äóøàíáà êóíè, Óòêàí éèëYUNESKO Bosh konferensiyasining Parijda bo‘lib o‘tgan 35-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi ko‘pchilik ovoz bilan 2009-2013 yillarga ushbu xalqaro tashkilot Ijroiya kengashining a’zosi etib saylandi.
31 a’zo mamlakatning nomzodi qo‘yilgan saylov jarayoni yakunida O‘zbekiston bilan birga Slovakiya, Ruminiya, Polsha, Latviya va Belarus mazkur nufuzli kengash safidan joy oldi. Ular Ijroiya kengashdagi 27 davlat yoniga qo‘shiladi.
YUNESKO Ijroiya kengashi tashkilotning asosiy ijro organlaridan biri bo‘lib, Bosh konferensiyada qabul qilinadigan dasturlarning ijrosiga oid masalalarni ko‘rib chiqadi. O‘zbekistonning unga a’zo etib saylanishi mamlakatimizning ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi yutuqlari, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari hamda ilmiy merosimiz, milliy-madaniy qadriyatlarimizning yana bir jahonshumul e’tirofidir. Ayni paytda ushbu kengashga a’zolik O‘zbekistonning YUNESKOda va umuman dunyodagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston sivilizatsiya beshiklaridan biridir. Movarounnahr hududi yirik ilmiy kashfiyotlar, yozma va og‘zaki ijodda shoh asarlar yaratgan shoiru yozuvchilar, olimu fuzalolarning, dongdor sarkarda va bahodirlarning vatanidir. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzning qadimiy obidalari YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilib, xalqaro muhofazaga olingan. Boysun folklori va Shashmaqom insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari deb e’lon qilindi. Hastimomda saqlanayotgan Usmon Qur’oni va Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida to‘plangan nodir qo‘lyozmalar “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritildi.
O‘zbekistonning Prezident Islom Karimov rahbarligida olib borilayotgan siyosatida, xalqimizning bugungi ijtimoiy-siyosiy hayoti va kundalik turmushida ham avlodlarning ajdodlar ruhi va xotirasiga yuksak hurmati mujassamdir. Yuksak umuminsoniy qadriyatlarni rivojlantirish va targ‘ib etish, ilmiy va madaniy merosni tiklash, asrab-avaylash va o‘rganish, millatlararo va dinlararo do‘stlik va totuvlikni ta’minlash, shu bilan birga, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash kabi gumanitar sohalarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun mamlakatimiz rahbari YUNESKOning ikki oliy nishoni – Abu Ali ibn Sino nomidagi hamda “Borobudur” oltin medallari bilan taqdirlangan.
O‘zbekistonda tashkil qilinadigan aksariyat yirik yubiley tadbirlari va xalqaro ilmiy-madaniy anjumanlarni YUNESKO ishtirokida o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangani ham xalqimizning bunyodkorligiga, ajdodlarimizning buyuk iste’dod va mahoratiga, boy merosiga bildirilgan hurmat-ehtirom ifodasidir. Imom Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek singari alloma va davlat arboblari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkent, Shahrisabz, Qarshi, Marg‘ilon kabi shaharlar, “Alpomish”, “Avesto“dek yozma va og‘zaki qadriyatlarning yubileylari va boshqa ko‘plab ilmiy-amaliy tadbirlar buning yorqin tasdig‘idir.
